insurez
25-06-2025 09:22

Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha yoshlar uchun ilk Yozgi maktab tashkil etildi


Bugun Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi va BMT Taraqqiyot dasturining (BMT TD) O‘zbekistondagi vakolatxonasi hamkorligida Bo‘stonliq tumanida oliy o‘quv yurtlari yuridik klinikalari talabalari uchun “Boshqaruvda halollikni shakllantirish: huquqiy taʼlim korrupsiyaga qarshi islohotlar vositasi sifatida” mavzusida birinchi Yozgi maktab boshlandi. 

Uch kunlik mazkur tadbir Agentlik va BMT TDning Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtirilayotgan "O‘zbekistonda korrupsiyaga qarshi milliy ekotizimini mustahkamlash" qo‘shma loyihasi doirasida tashkil etilmoqda.

Asosiy maqsad davlatimiz rahbari raisligida 5-mart kuni o‘tkazilgan Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha Milliy kengashning kengaytirilgan yig‘ilishida belgilab berilgan vazifalar ijrosini taʼminlash, xususan, yoshlarni “korrupsiya – kelajakka tahdid” degan g‘oya ostida birlashtirish, korrupsiyaga qarshi kurashish jarayonlariga ularni faol jalb etish, salohiyat va imkoniyatlaridan to‘g‘ri va unumli foydalanishga qaratilgan.

Tadbirda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi huzuridagi Yoshlar parlamenti, Yoshlar ishlari agentligi, Mahallalar uyushmasi kabi vakolatli tashkilotlar hamda Toshkent davlat yuridik universiteti, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti, O‘zbekiston Milliy universiteti hamda Huquqni muhofaza qilish akademiyasi vakillari o‘z tizimida korrupsiyaga qarshi kurashish tadbirlariga yoshlarni jalb qilish usul va vositalari to‘g‘risida o‘zaro fikr almashmoqda. 

Tadbir doirasida “Korrupsiyaga qarshi volontyorlik faoliyati” hamda Aksilkorrupsiya kovorking markazlari faoliyati loyihalari taqdimoti ko‘zda tutilgan.
———
Korrupsiyaga duch kelsangiz Agentlikning “Call-markazi” – 1253 orqali murojaat qilishingizni so‘raymiz.

 

Teglar
- -